Turin va Uzcard hamkorligidagi loyiha ishga tushirildi

Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti “EOPC” MChJ (Uzcard) sho‘ba korxonasi bo‘lgan ATTO kompaniyasi bilan hamkorlikda jamoat transportida yo‘l haqi to‘lov tizimiga integratsiyalashgan holda talabalar plastik kartochkalarini chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani boshladi.

2021-yil davomida Turin politexnika universitetining 1000 dan ortiq talabalari nafaqat transportda yo‘l haqini to‘lashda, balki universitet ichida binoga kirishda, shuningdek, kutubxonaga kitoblarni qabul qilishda ham talaba kartalaridan foydalanadilar.

O‘z navbatida, raqamli texnologiyalarning joriy etilishi universitet rahbariyatiga davomatni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish imkonini beradi.

Shu bilan birga, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni yanada joriy etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda iqtidorli yoshlarni rivojlantirish maqsadida Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti rektori Inoyatxo‘javev J.Sh. va “Uzcard” bosh direktori Ziyayeva F.G. hamkorlik memorandumini imzoladi.

Umuman olganda, jahon amaliyotida talaba kartasi (“talabalar shaharchasi kartasi”) moliyaviy texnologiyalar va o‘quv jarayonini boshqarish usullarini o‘zida mujassamlashtirgan ijtimoiy vosita hisoblanadi. U talabaga nafaqat universitetning ichki funksiyalaridan foydalanish imkoniyatini beradi, balki ma’ruzalarda qatnashish, kutubxonalar, tadqiqot markazlari, shuningdek, kutubxona kartasi, talaba guvohnomasi va bank kartalarini birlashtiradi. Bu esa talabaga ta'lim va hayot sifatini potensial ravishda oshirishga, shuningdek, talabalarning xavfsizligi va xabardorligini ta'minlashga imkon beradi.