Turizm va madaniy meros vaziriga o’rinbosarlar tayinlandi

Yigʼilishda yurtimizda mavjud 122 ta muzey salohiyatidan foydalanilmayotgani taʼkidlandi.

Muzeylarda 2,5 mlndan ortiq ashyo saqlanib, 112 mingtasi nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida noyob hisoblanadi.

“Lekin qaysi hokim muzeylar muammosi bilan shugʼullandi, degan savolga ijobiy javob yoʼq.

Misol uchun, Savitskiy, Termiz arxeologiya, Oʼzbekiston davlat sanʼat muzeylariga butun dunyodan odamlar keladi, lekin aholimizni bu madaniyat maskanlariga borishi tizimli tashkil etilmayapti.

Shu bois bugun Аbduhakimovga yangi oʼrinbosarlar – Baxtiyor Ibragimov, Nusratilla Zikrillayev, Botir Shaxriyorovni tayinladim.

Har bir viloyat hokimiga ham turizm boʼyicha oʼrinbosarlar berilgan. Bunday imkoniyat qachon boʼlgan?

Bu borada Qoraqalpogʼiston, Аndijon, Buxoro, Fargʼonada turizm boʼyicha oʼrinbosarlar yaxshi ishlayapti. Qolgan hudud masʼullari hali "uygʼongani" yoʼq", dedi Prezident.

Shu 4 ta hududdan tashqari barcha viloyat hokimlarining turizm boʼyicha oʼrinbosarlariga 3 oy sinov muddati belgilash, yakuni boʼyicha lavozimga loyiqligini koʼrib chiqish topshirildi.