Turizm va mehmondoʼstlik sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv

Bugun, 15-avgust kuni Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan turizm va mehmondoʼstlik sohalarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarining muammolarini oʼrganish va ularning yechimlari bo'yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqish maqsadida ushbu sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda, Turizm va madaniy meros vazirligi, IIVning Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi, Davlat soliq qoʼmitasi va turizm sohasidagi yetakchi tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.А.Vaxobov taʼkidlashicha bugungi kunga kelib turizm sanoati sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarga tizimli yechim topish va takliflarini oʼrganish maqsadida Savdo-sanoat palatasi huzurida mutlaqo yangi mexanizm asosida faoliyat olib boradigan Turizm masalalari qoʼmitasi tashkil etildi.
Mazkur qoʼmita doimiy ravishda tadbirkorlar bilan hamkorlik qilib sohada mavjud muammolarni yechimi bo'yicha hukumatga takliflar tayyorlaydi. Jahon tajribasiga eʼtibor beriladigan boʼlsa, mazkur tizim ijobiy natijalari bilan oʼzini oqlay olgan.
Shuningdek, qoʼmita qoshida sohada uzoq yillik tajribaga ega tadbirkorlardan tashkil topgan Ekspertlar Kengashi tuzildi va unga 25 nafar tadbirkor jalb qilindi. Mazkur kengash tadbirkorlarning muammolariga tezkor yechim topish maqsadida dastlabki tizimli-tahliliy baholashni amalga oshirib yakuniy takliflarni ishlab chiqishda muhim rol oʼynaydi.






