Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi

Bugun Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida a’zo mamlakatlar iqtisodiyot va savdo vazirlarining 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ko‘p tomonlama va keng ko‘lamli ishlar muhokama qilinib, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va logistika sohasidagi sheriklikni jadallashtirishga qaratilgan navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.

Qayd etilishicha, vazirlar shu jumladan, yig'ilishda tashkilot doirasidagi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyani muhokama qilishdi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va xavfsizlik sohalarini rivojlantirishni qamrab oluvchi dasturiy hujjat ijrosini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga ham erishildi.

Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlik istiqbolllari alohida ko‘rib chiqildi. Yirik qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘ladigan Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni imzolashni tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbarlarining birinchi sammiti doirasida imzolanishi rejalashtirilgan “Savdoga ko‘maklashish strategiyasi” doirasida faol chora-tadbirlar ishlab chiqishga tayyorlik bildirildi.