Turkiy Davlatlar Tashkiloti Transport Vazirlarining 6-yigʼilishi bo'lib o'tdi

Bugun, 28-oktabr kuni Toshkent shahridagi "O'zbekiston" xalqaro forumlar saroyida Turkiy Davlatlar Tashkiloti Transport Vazirlarining 6-yigʼilishi bo'lib o'tdi.

Yig’ilish O'zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Maxkamov tomonidan Turkiy Davlatlar Tashkiloti Bosh kotibi Bag'dod Amreyev moderatorligi ostida o'tkazildi.

Shuningdek, yig’ilishda, tashkilotga a’zo O'zbekiston, Turkiya, Qirg'iziston, Qozog'iston, Ozarbayjon va kuzatuvchi davlat sanalgan Vengriya Trasnport vazirlari ishtirok etib, sohadagi qator masalalar yuzasidan muhokamalar o’tkazdilar.

Tomonlar bir ovozdan transport TDTga a'zo davlatlar o'rtasida doimiy hamkorlik qilishning asosiy yo'nalishlaridan biri ekanligini ta'kidladilar.

Shuningdek, tomonlar haydovchilar uchun ma'muriy va viza tartib-qoidalarini soddalashtirish, transport va tranzit operatsiyalarini amalga oshiruvchi milliy tashuvchilarni rag'batlantirish orqali Trans-Kaspiy xalqaro O'rta Sharqiy-G'arbiy koridorda transport va tranzit operatsiyalarini yengillashtirish uchun zarur choralar ko'rish yuzasidan muzokaralar o’tkazdilar.

Bundan tashqari, TDTga a'zo davlatlar o'rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tomonlar tashuvchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tranzit va multimodal transportni rivojlantirish maqsadida bo'lajak TDT sammiti doirasida imzolanishi rejalashtirilayotgan hujjatlarga e’tibor qaratdilar.