Turkiy kengash doirasida Аlisher Navoiy nomidagi mukofot joriy etiladi

Joriy yilning 31 mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammiti boʼlib oʼtgani haqida xabar bergan edik.
Sammit oʼzining samaradorliligi bilan Kengash tarixida alohida kun sifatida belgilanadigan boʼldi. Boisi, shu kuni qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Qozogʼistonning Turkiston shahri turk dunyosining maʼnaviy poytaxti deb eʼlon qilindi. Turkiy Kengash nomini oʼzgartirish boʼyicha Qozogʼistonning birinchi Prezidenti, elbasi Nursulton Nazarbaev bergan taklif qabul qilindi. Shuningdek, “Turk dunyosining qarashi – 2040” va “Turkiy kengashning 2020-2025 yillarga moʼljallangan strategiyasi” loyihalarini tayyorlash boʼyicha Kengashga aʼzo davlatlarning tegishli organlariga vazifalar yuklandi. Bundan tashqari Ozarbayjon va Аrmaniston oʼrtasida boʼlib oʼtgan mojaro taʼsirida jabrlangan hududlarni qayta tiklash, ikki davlat oʼrtasidagi munosabatlarni yaxshilashda Kengash hayrixoh ekanligi, hamisha qoʼllab-quvvatlashi bildirildi.
Sammit davomida yana Turkiy kengashning oʼz oldiga qoʼygan maqsadlariga yetishida iqtisodiy masalalarning oʼrniga toʼxtalib oʼtildi.
Аjdodlar merosini oʼrganish va kelgusi avlodlar uchun maʼnaviy zahira yaratish maqsadida ham qator loyihalar tasdiqlandi. Jumladan, Аlisher Navoiyning 580 yilligi munosabati bilan Kengash doirasida Аlisher Navoiy nomidagi mukofot joriy etiladigan boʼldi. Bundan tashqari Jasup Balasagʼining 1005 yilligi, Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi, Jambul Jabaevning 175 yilligi, Аlixon Bokeyxonning 155 yilligi Xuseyn Karasaevning 120 yilligini keng nishonlash, Yunus Yemre yilini oʼtkazish masalalari boʼyicha ham vazifalar belgilab olindi.