Turkiy kengash doirasida O'zbekiston va Turkiya o'rtasida «E-Permit» tizimi ishga tushiriladi

Joriy yilning 30-iyun kuni Toshkentda «E-Permit» tizimini tatbiq etishning texnik jiahatlari muhokama qilish maqsadida O'zbekiston va Turkiya ishchi guruhining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Mazkur tizim yuklarni tashish uchun ruxsatnomalarni raqamlashtirishga qaratilgan.

Ushbu tashabbusni Turkiy kengash doirasida amalga oshirish maqsadida joriy yilning boshida O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko'magida «E-Permit» bo'yicha ikki tomonlama ishchi guruh tuzildi. Uning tarkibiga mutaxassislar va ikki mamlakat transport vazirliklari va bojxona departamentlari IT ekspertlari kiritilgan edi.

O'zbekiston-Turkiya transport bo'yicha aralash komissiyasi doirasida bo'lib o'tgan ishchi guruhning bugungi yig'ilishida tomonlar «E-Permit» tizimini tatbiq etish bilan bog'liq texnik masalalarni batafsil muhokama qildilar va shuningdek ushbu tizimni 2021 yil sentyabrga qadar ishga tushirish bo'yicha keyingi qadamlarni belgilab oldilar.

Tadbirda, shuningdek, Turkiy Kengash Bosh kotibining o'rinbosari Mirvohid Azimov ishtirok etib, transport operatsiyalari va bojxona rasmiyatchiliklarini raqamlashtirishning xalqaro yuklar tashishni soddalashtirishda, jadallashtirishda hamda a'zo davlatlar o'rtasida tovar oqimini ko'paytirishda muhimligini ta'kidladi. Shuningdek, Turkiy Kengash Bosh kotibining o'rinbosari kelajakda ushbu loyiha Turkiy Kengashga a'zo boshqa davlatlar hisobidan kengaytirilishini aytdi.