Turkiy kengash doirasida Turkiy kengashning Alisher Navoiy nomidagi “Turkiy dunyo birligiga qo'shgan hissasi uchun” Xalqaro mukofotini ta’sis etish taklif qilindi

Bu haqda Bosh kotib Bagdad Amreyev Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan bo'lgan uchrashuv chog'ida aytib o'tdi. Mazkur tashabbus buyuk shoir va mutafakkir, taniqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash bilan bog’liqdir.

Bunday mukofotlarning ta’sis etilishi Turkiy dunyoning taniqli shaxslari hayoti va ijodini abadiylashtirish va ommalashtirishga xizmat qilishi ta’kidlab o'tildi.

Shuningdek, B.Amreyev qadimiy Xiva shahrining Turkiy dunyo Madaniy poytaxti maqomini 2021 yilga uzaytirishni taklif qildi va Turkiy kengashga a’zo hamda kuzatuvchi mamlakatlarning madaniyat, adabiyot va san’at vakillari rejalashtirilgan tadbirlarda ishtirok etishlarini ta’minlashda yordam ko'rsatishga tayyorligini bildirdi.

Turkiy kengash O'zbekistonning Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga (TURKSOY) a’zo bo'lish istagini ma’qullashini va to'liq qo'llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bosh kotib O'zbekistonning Tashkilotga a’zo bo'lishi bo'yicha barcha zaruriy davlat ichki protseduralari tez kunlarda yakunlanishiga umid bildirdi.