Turkiya eksporti rekord darajaga yetdi

“Anadolu” agentligi xabariga ko'ra, 2022-yilda Turkiyaning jami eksporti 12,9 foizga ortib, rekord darajadagi 254 milliard 209 million 535 ming dollarga yetdi.

Janubiy Afrika, Belarus va Turkmaniston birinchi marta bir milliard dollardan ortiq turk mahsulotlari yetkazib berilgan davlatlar qatoriga kirdi. Jami 47 davlat bilan Turkiya eksporti hajmi 189,3 milliard dollarni tashkil qildi.

Turkiya mahsulotlarini import qiluvchi ilg‘or uchlikka Germaniya (18,91 milliard dollar), AQSH (14,36 milliard) va Buyuk Britaniya (12,25 milliard dollar) kiradi.

Turkiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2022-yilning yanvar-noyabr oylarida 11,3 milliard dollarga yetgan.

Shuningdek, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston (4,7 milliard dollar) bu davrda Turkiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida asosiy savdo sherigi hisoblanadi.

O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash 3,3 milliard dollarga yetgan. Keyingi o‘rinlarni Turkmaniston (1 milliard), Qirg‘iziston (953,1 million dollar) va Tojikiston (497,9 million dollar) band etgan.