Turkiya Sulaymoniya uchun havo hududini yopdi

Turkiya hukumati Iroqdagi Sulaymoniya shahriga yoki shu shahardan uchayotgan samolyotlar uchun havo hududini yopdi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda keltirilgan.

“3 apreldan boshlab Turkiya havo hududi Iroqning Sulaymoniya shahridagi xalqaro aeroportga uchib-qo‘nadigan samolyotlarning foydalanishi uchun yopildi. Bu qaror Sulaymoniyada Kurdiston ishchilar partiyasi terrorchilik tashkiloti faoliyati faollashgani munosabati bilan qabul qilindi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Kurdiston ishchilar partiyasi a’zolarining aeroport binosiga kirishi va shunga mos ravishda parvozlar uchun tahdid mavjudligiga ishora qilmoqda.

Mazkur taqiq 3 iyulgacha amal qiladi va Sulaymoniyadagi vaziyatga qarab uzaytirilishi ham mumkin. Anqara vaziyatni yaqindan kuzatib borishini qoʻshimcha qildi.