Turkiya vitse-prezidenti "Ipak yo'li" turizm xalqaro universitetiga tashrif buyurdi

29 iyun kuni Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay Samarqand shahridagi "Ipak yo'li" turizm xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya rahbarini O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari, turizm va sport vaziri, "Ipak yo'li" XTU rektori Aziz Abduhakimov va Bosh vazir o'rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov kutib oldi.

"Universitet jamoasining aksariyati yosh va kuch-quvvatga to‘la insonlar, talabalar esa shijoatli ekanini ko‘rib turibman. Bular - O‘zbekiston turizmining kelajagi",- deya Fuat Oktay janoblari ta'kidladi.

Turkiya vitse-prezidenti turizm sanoati uchun kadrlar tayyorlash, almashinuv dasturlari, "Turkiy mamlakatlar" kafedrasini tashkil etish va Turkiyaning yetakchi olimlari va mutaxassislarini jalb etgan holda turli qo'shma tadqiqotlar o'tkazish bo'yicha loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishi kerakligini ta'kidladi.