Turkiya xalqi va Prezidentiga tabrik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika e’lon qilingan kun munosabati bilan Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga tabrik yo‘lladi.
“Turkiya Respublikasi Siz, Janobi Oliylarining rahnamoligida barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishib, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallayotgani hamda katta obro‘ va e’tiborga ega qudratli mamlakatga aylanayotgani qardosh xalq sifatida bizni g‘oyatda quvontiradi.
Hech shubhasiz, mushtarak maqsadlarimiz va birodar xalqlarimizning umumiy ravnaqi yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakatlarimiz orqali ko‘pqirrali va uzoq muddatli munosabatlarimizni istiqbolda biz istagan va salohiyatlarimizga mos bo‘lgan yanada yuqori darajaga olib chiqishga qodirmiz”, deyiladi jumladan davlatimiz rahbarining maktubida.
Prezidentimiz Turkiya yetakchisi va oila a’zolariga sihat-salomatlik, yangi zafarlar, do‘st turk xalqiga esa farovonlik va doimiy taraqqiyot tilagan.






