«Turkiya – bir yurak» aksiyasi davomida 6 mlrd 106 mln dollardan ortiq xayriya to‘plandi

Anadolu agentligi xabariga ko’ra, Turkiyaning yetakchi teleradio kanallari efirida “Turkiya bir yurak” shiori ostidagi kampaniya davom etmoqda. 16-fevral mahalliy vaqt bilan soat 03:10 holatiga ko'ra, "Turkiya bir yurak" zilziladan yordam berish kampaniyasiga ehsonlar 115,1 milliard liraga (6 milliard 106 million AQSh dollari) yetdi.

15-fevral oqshomida Turkiya, Ozarbayjon va Shimoliy Kipr Turk Respublikasining barcha tele va radio kanallarida hamkorlikdagi jonli efirda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasining zilzilada jarohatlanganlar va qurbonlarga yordam aksiyasi dasturi namoyish etildi.

9 milliondan ortiq qo'llab-quvvatlovchi SMS qabul qilindi. Qayd etilishicha, “Turkiya bir yurak” kampaniyasini dunyoning turli burchaklaridan 213 ta televideniye va 562 ta radio kanali qo‘llab-quvvatladi.

Qayd etilishicha Turkiya rahbari ham “Turkiya bir yurak” shiori ostida o‘tkazilayotgan xayriya aksiyasining jonli efir studiyasi bilan telefon orqali bog‘landi. Erdo‘g‘an epitsentri Qahramonmarash bo‘lgan vayronagarchilikli zilzila qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Uning ta'kidlashicha, davlatning barcha resurslari mamlakatning 11 viloyatida halokatli oqibatlarga olib kelgan zilzila oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Prezidentning soʻzlariga koʻra, tabiiy ofat zonasida 250 mingdan ortiq kishi uzluksiz mehnat qilmoqda.

Shuningdek,Turkiyaning turli burchaklaridan siyosatchilar, ishbilarmonlar va san’atkorlar, Turkiya va xorijdan sport olamining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari jonli efirga chiqib, turk xalqini qo‘llab-quvvatladilar.