Turkiyada Mudofaa vazirligining tibbiy otryadi 3860 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatdi

Mudofaa vazirligi Axborot xizmatining xabar berishicha, bugun 6 mart kuni Turkiyada 24 kun davomida zilzila oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligining malakali harbiy xizmatchilari Toshkentga qaytib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan shu yilning 8 fevral kuni Mudofaa vazirligining malakali harbiy xizmatchilaridan iborat tibbiy otryadi zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish hamda zilziladan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Turkiya Respublikasiga jo‘nab ketgan edi.
O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar qariyb bir oy davomida zilzilalardan jabr ko‘rgan turk xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatib, og‘ir damlarda qo‘llab-quvvatlab, ularga kamarbasta bo‘lishdi. Shu vaqt davomida ular jami 3860 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatdi.






