Turkiyaning Limak Holding kompaniyasi bilan muzokaralar oʼtkazildi

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Turkiyaning “Limak Holding” kompaniyasi faxriy prezidenti Nihat Ozdemir bilan muzokaralar oʼtkazdi.

Muloqot chogʼida issiqlik va gidroenergetika, qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Turk kompaniyasining Oʼzbekistondagi faoliyatini yoʼlga qoʼyish istiqbollari muhokama qilindi.

Turkiya tomoni kompaniyaning faoliyati hamda yaqin kelajakdagi rejalari haqida batafsil maʼlumot berdi, shuningdek Oʼzbekistonda ishlashga qiziqish bildirib, koʼrib chiqilayotgan loyihalarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari ustida ish olib borish uchun yaqin hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, energiya infratuzilmasi obyektlarini qurish sohasida tajriba almashish va Turkiyaning ilgʼor texnologiyalarini joriy qilish maqsadida “Limac Holding” ekspert va mutaxassislarini jalb qilgan holda qoʼshma ishchi guruh tuzishga kelishildi.