Turkmaniston Konstitutsiyasi yana o‘zgartirilib, bir palatali parlament qaytarilishi mumkin

“Xroniki Turkmenistana” xabariga ko’ra, Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yana bir marta Konstitutsiyani o‘zgartirish, bir palatali parlament — Majlisni qaytarish, Xalq Maslahatini esa yana oliy vakillik organiga aylantirishni taklif qilgan.
Bu taklifni katta Berdimuhamedov 11-yanvar kuni Milliy Kengash (parlament)ning ikkala palatasi a’zolari qo‘shma majlisida o‘rtaga tashlagan va buni “qonunchilik organini zamonning real so‘rovlari asosida takomillashtirish” zaruriyati bilan izohlagan.
Ta'kidlanishicha, Xalq Maslahati tarkibiga Gurbanguli Berdimuhamedov, uning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov, Majlis rahbari, Oliy sud raisi, Bosh prokuror va boshqalar kiradi.
Xalq Maslahati Turkmaniston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlarni, ichki va tashqi siyosat yo‘nalishlarini ma’qullashi, mamlakatni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlashi, xavfsizlik va tinchlik masalalarini ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi.






