Turkmanistonda prezident saylovoldi kampaniyasi o'z faoliyatini boshladi

Joriy yilning, 14-fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi. Turkmaniston saylov kodeksiga muvofiq, nomzodlarni saylov sanasigacha mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan siyosiy partiyalar hamda fuqarolardan tashkil topgan guruhlar ko‘rsatish huquqiga ega.
Siyosiy partiyalar nomzodni o‘zlarining qurultoyida ilgari surishi kerak. Mamlakatda uchta siyosiy partiya, ya’ni Turkmaniston Demokratik partiyasi, Turkmaniston Agrar partiyasi hamda Turkmaniston sanoatchilari va tadbirkorlari partiyasi faoliyat olib bormoqda.
Turkmaniston Demokratik partiyasi dushanba kuni o‘zining navbatdan tashqari to‘qqizinchi qurultoyini o‘tkazdi. Unda partiya a’zolari Turkmaniston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedovni (Turkmanistonning amaldagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li) prezidentlik lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatishdi.
Mazkur partiya qurultoyida ishtirokchilar Serdar Berdimuhamedovning ma’ruzasini tinglagan va prezident lavozimi uchun uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.
Serdar Berdimuhamedov 1981-yilda tug‘ilgan. U S.A. Niyazov nomidagi Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universitetini bitirgan. 2008-2011-yillarda Rossiya tashqi ishlar vazirligiga qarashli Diplomatiya akademiyasida xalqaro munosabatlar mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. Serdar Berdimuhamedov hukumat tarkibida turli lavozimlarda ishlab kelgan va 2021-yilda mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
P.S: Joriy yilning 11-fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamenti yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida qatnashgan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov endilikda Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini mamlakat taraqqiyotiga sarflash, o‘z o‘rnini yosh kadrlarga topshirish niyatida ekanini aytgan edi.






