TXMM - Yangi O‘zbekistonning global ijtimoiy muhitini shakllantirishning tarkibiy loyihasidir

Joriy yilning 7-8-iyul kunlari Toshkent shahrining O‘zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligida “Toshkent shahrida xalqaro moliya markazini (TXMM) tashkil etish: rivojlanish modeli va faoliyatning asosiy yo‘nalishlari” sessiyasi doirasida yetakchi xalqaro ekspertlar, moliyachilar va investorlar uchrashuvi bo’lib o’tdi. Ekspertlar o’z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar hamda Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday imtiyoz va imkoniyatlar berishini muhokama qildilar.
Qayd etilishicha, TXMMni tashkil etish boʻyicha ishlar ichki moliya bozorini rivojlantirish, xalqaro infratuzilma bilan uzluksiz integratsiyalashuv, raqamli moliya sohasida ixtisoslikni rivojlantirish, islom moliyasi va anʼanaviy moliya bozorlari oʻrtasida koʻprik boʻlib, milliy moliyalashtirish hajmini oshirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, Moliya sektori 100 ta milliy maqsadlardan 39 tasiga erishishda ishtirok etadi yoki hissa qoʻshadi. U strategiyaning barcha yetti yo'nalishida ishtirok etadi. Bundan tashqari, 2026-yilgacha YaIMdagi xususiy sektor ulushini 45% dan 80% gacha oshirish, davlat ulushi bo'lgan tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlash, bank tizimi aktivlaridagi xususiy sektor ulushini 15% dan 60% gacha yetkazish vazifalari ham belgilandi.
Xalqaro valyuta jamg'armasi prognoziga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi 2021-2026-yillarda yalpi ichki mahsulotning nominal oʻsishi boʻyicha yetakchi 10 ta davlat qatoriga kiradi. Ular orasida iqtisodiyot hajmi bo'yicha to'rtinchi o'rinni egallaydi. Bu esa, xalqaro investorlarning mamlakatimizga e’tiborini oshiradi.
Ta’kidlash joizki, TXMM ko'p tomonlama moliyaviy muloqot va hamkorlik uchun platforma hisoblanadi. Toshkentdagi markaz uchun hamkorlikning uchta maqsadli yoʻnalishi – Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida, Osiyo davlatlari va Gʻarb davlatlari bilan koʻrib chiqilmoqda.
Xulosa o’rnida qayd etish joizki, TXMMning tashkil etilishi Yangi O‘zbekistonning global ijtimoiy muhitini shakllantirishning tarkibiy loyihasi sanaladi. Toshkentdagi Xalqaro moliya markazi mamlakatimizga qo‘shimcha sarmoya jalb etish va iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini rivojlantirish orqali O‘zbekistonni jadal rivojlantirishning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qiladi. TXMM boshlangan islohot dasturlarini kuchaytiradi, moliya sektorini rivojlantirish va uni islohotlarga jalb etish orqali milliy iqtisodiyotning o‘sishini kelajakda yanada barqaror qiladi, bu esa O‘zbekiston fuqarolarining farovon turmush tarsi uchun ijobiy poydevor bo’lib xizmat qiladi.






