Uch mamlakat fuqarolariga Qozog‘istonga kirish uchun imtiyoz berildi

8-iyuldan boshlab Xitoy, Hindiston va Eron fuqarolariga Qozog‘istonga 14 kun muddatga vizasiz kelishga ruxsat berildi.
Bu haqda Qozog‘iston Migratsiya qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda maʼlum qildi. Qo‘mita xabariga ko‘ra, 8-iyuldan buyon bu davlatlar uchun bir tomonlama vizasiz rejim joriy qilingan. Hukumatning tegishli qarori 7-iyul kuni chiqdi. Xitoy fuqarolari uchun 72 soatlik vizasiz kirish ruxsatnomasi bekor qilinadi.
Vizasiz rejim talablariga ko‘ra, Hindiston, Eron va Xitoy fuqarolari Qozog‘iston hududida chegaraga kirgandan keyin 14 kun davomida erkin harakatlanishlari mumkin. Ish, shaxsiy, turistik va boshqa sayohatlarga ham ruxsat beriladi.
Qozog‘istonda vizasiz rejimda bo‘lgan umumiy vaqt har 180 kunlik davrda 42 kalendar kunidan oshmasligi kerakligi to’g’risida ham ma’lumotlar mavjud.
Shuningdek, “Chet el fuqarolariga vizasiz rejimda haq evaziga ishlash taqiqlanadi. Bunday holda, qabul qiluvchi tomon avvalo Qozog‘istonda ishlash uchun tegishli ruxsatnoma va viza rasmiylashtirishi kerak”, — deyiladi xabarda.






