“Uchquloch” konida ruda qazib olish boshlandi

Jizzax viloyati Forish tumanida joylashgan “Uchquloch” konida ruda qazib olish va qayta ishlash boshlanadi. Endi kondan yiliga ochiq usulda 500 ming tonna polimetall ruda qazib olinadi. Bu haqda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 12-aprel kuni “Uchquloch polimetal konini o‘zlashtirish” loyihasiga start berilgan. Loyiha doirasida yiliga 500 ming tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy boyitish fabrikasi quriladi.

Boyitish fabrikasida yiliga 5,4 ming tonna rux konsentrati hamda 18,4 ming tonna qo‘rg‘oshin konsentrati olinadi.

Loyiha bo‘yicha mavjud maydalangan rudalar ombori bilan maydalash-ortish uzeli to‘liq ta’mirlanadi. Tashqi muhandislik kommunikatsiyalari barpo etiladi. Avtomobil va temiryo‘llarda rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida kamida 600 ish o‘rinlari yaratiladi hamda hududning ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishi ta’minlanadi.