Ukraina olov iskanjasida – siyosat ortidan qurbon bo’layotgan aholi

Bugun tongga yaqin, hali quyosh chiqmasidan rus armiyasi Ukraina hududini o‘qqa tuta boshladi. Tushga yaqin Rossiya harbiylari bevosita Ukraina nazoratidagi hududlarga kirib borgan, kamida ikkita aholi yashash punkti egallangan.

Hujumlar Ukrainaning kamida 5ta oblasti, xususan poytaxt Kiyevga tutash tumanlardagi aeroportlar, aviabazalar, harbiy qismlar va o‘q-dori omborxonalariga qaratilmoqda.

Rossiya uchirayotgan raketalar Xarkov va Kiyev oblastlarida tinch aholi manzillariga kelib tushmoqda. Ayni daqiqalarda Ukraina IIV tinch aholi orasida dastlabki qurbonlar borligini ma’lum qildi.

Ukraina chegara xizmati hujumning shimoliy yo‘nalishida Rossiya armiyasiga Belarus qo‘shinlari yordam berayotganini ma’lum qildi. Belarus–Ukraina chegarasini tanklar kesib o‘tgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar bor.