Ukrainada 16-fevral Birlik kuni deb e’lon qilindi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat xalqiga murojaati chog‘ida 16-fevralni “Birlik kuni” deb e’lon qildi. Shu kuni butun mamlakat bo‘ylab Ukraina bayrog‘i ko‘tariladi, 10:00 da davlat madhiyasi ijro etiladi. Aholi xavfsizlik holati haqida maxsus onlayn-platforma orqali xabardor etib boriladi.

“Bizni katta urush bilan qo‘rqitishmoqda va nechanchi bor harbiy bosqin sanasini belgilashmoqda”, — dedi Vladimir Zelenskiy.

“Bizga qarshi tizimli urush barcha frontlarda olib borilmoqda. Harbiy frontda — chegaralar atrofida kontingent soni oshirilmoqda. Diplomatik frontda o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishimizni mustaqil belgilash huquqimizdan mahrum qilishmoqchi. Energetikada bizni gaz, elektr energiyasi va ko‘mir yetkazib berishda cheklashmoqchi. Axborot frontida ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolar va investorlar orasida vahima yoyishga urinishmoqda. Ammo bugun davlatimiz har qachongidan-da kuchlidir”, — deya ta’kidlagan prezident.

Zelenskiy hukumat boshqa davlat armiyasi chegaraning aynan qayerida turgani, uning soni, joylashuvi, ta’minoti va rejalari haqida axborotga egaligini aytib ishontirdi. Ukraina himoyasi bilan uning Qurolli kuchlari va diplomatiyasi shug‘ullanmoqda, deb qo‘shimcha qildi u. Vladimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina tinchlikka intiladi va barcha masalalarni faqatgina tinch yo‘l bilan hal etish tarafdoridir.

“Bizga 16-fevral hujum uyushtiriladigan kun bo‘lishini aytishmoqda. Biz uni Birlik kuniga aylantiramiz, — deb bayonot qildi Ukraina prezidenti. — Tegishli qaror allaqachon imzolandi. Ushbu kunda biz milliy bayroqlarni ilamiz, ko‘k-sariq tasmalarni taqib, butun dunyoga bizning birligimizni ko‘rsatamiz”.

Farmonga ko‘ra, 16-fevral kuni butun mamlakatdagi binolarda Ukraina davlat bayrog‘i ko‘tariladi, soat 10:00da esa davlat madhiyasi yangraydi, deb xabar berdi mamlakat prezidenti matbuot xizmati. Aholini kundalik xavfsizlik holati va davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida qabul qilinayotgan choralar haqida xabardor etib borish uchun yagona “UArazom” platformasi tashkil etiladi.