Ukrainadan sakkizta aviareyslar bilan jami 1 859 nafar vatandoshimiz olib kelindi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining axborotiga ko’ra, 2022-yilning 2-3-mart kunlari "Uzbekistan Airways" AJning uchta samolyoti bilan 671 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Polshaning Katovitse aeroporti orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi.
Ular orasida 129 ta ayollar, 82 ta bolalar va 14 nafar chaqaloqlar bor.
Umumiy hisobda, Ukrainadan Polsha hududi orqali sakkizta aviareyslar bilan 1 859 nafar vatandoshimiz olib kelindi. Bugun yana bir necha evakuatsiya qatnovini tashkil etish rejalashtirilgan.
Polsha hududida mamlakatimizning 1100 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 550 nafari Polsha davlat chegarasidagi to‘planish nuqtasiga, 550 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi tomonidan jangovar harakatlar ketayotganiga qaramay, mamlakatimiz fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Mamlakatimizning Polsha va Ukrainadagi diplomatik vakolatxonalari uzluksiz tartibda ishlamoqda. Fuqarolarimiz uchun issiq ovqat yetkazilib, zarur hollarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.






