Ular bizning eng bebaho boyligimiz - Shavkat Mirziyoyev

14-noyabr kuni Toshkentda “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʼyicha II Butunjahon konferensiyasi” (WCECCE) o’z ishini boshlagani haqida ma’lum qilgan edik. YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin mamlakatdan vazirlar va vakillar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari qatnashayotgan mazkur tadbirga bugun, 15-noyabr kuni O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Prezidenti maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim muammolarini global darajada samarali hal qilish, birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlar ishlab chiqish maqsadida mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borish taklifi bildirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan barcha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Toshkentda YUNЕSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlar olib borish, tarbiyaning yangicha uslublari va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dastur ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Sohadagi ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini bayon etdi.

2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kelajak sammitining asosiy mavzularidan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berish masalasini kiritish muhimligi ta’kidlandi.

Konferensiya turli mavzulardagi sho‘’ba yig‘ilishlari bilan davom etdi. Jumladan, YuNESKO va O‘zbekiston o‘rtasida 2022-2026-yillar uchun davlat dasturi imzolandi.

Tadbir doirasida O’zbekiston va YuNESKO tashkiloti o’rtasida o’zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinnbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va YuNESKO Bosh direktori Odri Аzule ishtirok etdilar.