Ularni sukut saqlashga majburlashmoqda – Roskomnadzor Facebookni bloklashga qaror qildi

Roskomnadzor 4-mart kuni «Rossiya OAVlari diskriminatsiyasi» tufayli Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirishni bloklashga qaror qildi. Twitter ham taqiq ostida qoldi. Xizmat xabariga ko‘ra, bunga Rossiya OAVlariga nisbatan 26 ta kamsitish holatlari sabab bo‘lgan. Shu jumladan mamlakatdagi «Zvezda» telekanali, «RIA Novosti» axborot agentligi, Sputnik, Russia Today, shuningdek, «Lenta.ru» va «Gazeta.ru» axborot resurslari akkauntlariga kirish cheklangan.
Meta vitse-prezidenti Nik Kleggning aytishicha, «tez orada millionlab oddiy rossiyaliklar tasdiqlangan ma’lumotlardan uzilib qolishadi, oilasi va do‘stlari bilan kundalik muloqot qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lishadi va ularni sukut saqlashga majburlashmoqda».
«Biz o‘z xizmatlarimiz odamlar uchun mavjud bo‘lishida, ular o‘z fikrlarini xavfsiz ifoda eta olishi va o‘z harakatlarini ochiq bajara olishi uchun xizmatlarimizni tiklash maqsadida barcha chorani ko‘rishda davom etamiz», — dedi u.
Roskomnadzor 25-fevral kunidan trafikni sekinlashtirish orqali Facebookga kirishni cheklay boshlagan edi. Regulyator Facebookning ayrim rus OAVlari tarqatgan materiallar ostida «ishonchsiz» degan belgi qoldirishni boshlaganidan va auditoriyani kamaytirish maqsadida nashrlarning qidiruv natijalariga texnik cheklovlar qo‘yganidan norozi bo‘lgan.
Roskomnadzor ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada Twitterga kirish «Bosh prokuraturaning 2022-yil 24-fevralda qabul qilingan qaroriga ko‘ra» cheklangan.






