Umumiy qiymati 3 milliard dollarlik 5 ta yirik loyiha

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligi jadal rivojlanmoqda. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘paydi.

O‘tgan yili Navoiy viloyatida yurtimizdagi birinchi quyosh elektr stansiyasi aynan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan edi.

Bu sohada yana 5 ta yirik loyihani amalga oshirish kelishilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi. Xususan, “Mubadala” va “Taqa” kompaniyalari bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish va quvvatini oshirish, “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida shamol, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish mo‘ljallangan.

Ta'kidlash joizki, joriy yildan BAA bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlanish bo'yicha yangi tizim yo'lga qo'yilgan. Yig‘ilishda energetika sohasidagi loyihalar ijrosi ana shu tizim asosida ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari bu loyihalar energetika tizimi barqarorligiga hamda iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiya oqimi yanada ko‘payishiga zamin yaratishini ta’kidladi.