Umumiy qiymati 5 mlrd dollarga teng 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari koʼrilmoqda

Bugun, 2-avgust kuni Senat binosida Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Аssambleyasi bilan hamkorlik boʼyicha komissiyasining navbatdagi majlisi boʼlib oʼtdi.
Majlisda Koreya Respublikasi bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida qator ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
Umumiy qiymati 5 mlrd dollarga teng 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari koʼrilmoqda. Binobarin, investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʼyicha 22 ta tarmoq jadvali tasdiqlangan, qolgan 18 tasi Koreya tomoni bilan kelishilganidan soʼng tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Tadbir davomida senatorlar tomonidan “yoʼl xaritalari”da belgilangan ayrim vazifalar oʼz vaqtida amalga oshirilmaganligi tanqid qilindi.
Xususan, “yoʼl xaritalari”da jami 116 ta banddagi vazifalarning 5 tasi bajarilgan, 77 tasi oʼz vaqtida bajarilmoqda, 34 tasining (29 foizi) ijrosi kechiktirilgan.
“Yoʼl xaritalari” ijrosiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan Energetika vazirligi, Sogʼliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi, “Oʼztoʼqimachiliksanoat” uyushmasi, Jizzax viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar rahbarlarining batafsil axborotlari eshitildi.






