UNICEF bilan hamkorlikda qiymati 102,5 million dollarga teng qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

Bugun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev hamda UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mamedzade tomonidan 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Mazkur hujjat mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga doir umumiy qiymati 102,5 million AQSH dollarilik qo‘shma chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. U to‘rt asosiy yo‘nalishdan iborat.
Dastlabki yo‘nalish yurtimizda perinatal xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash bilan bog‘liq dolzarb vazifalarga qaratilgan.
Ikkinchi yo‘nalish milliy kalendarga kiritilgan vaksinalar bilan bolalarni emlash, mavjud sanitar punktlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, u orqali mamlakatimizda immunizasiya jarayonlarini takomillashtirish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Uchinchi yo‘nalish onalar va bolalarning ovqatlanishini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlardan iborat. Ular orasida 6-23 oylik bolalar va 35 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlarni temir hamda foli kislotasi bilan ta’minlash, umumta’lim maktablarida ovqatlanish standartlarini ishlab chiqish kabi dolzarb vazifalar ham bor.
So‘nggi yo‘nalish o‘smirlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishni nazarda tutadi.
Umuman, ikki tomonlama imzolangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi yurtimizda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, shu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlarining bilim va tajribasini yanada oshirishga xizmat qiladi.






