«Universal Mobile System» MCHJni xususiylashtirishda konsultant jalb etish tanlovida «KPMG» kompaniyasi g‘olib bo’ldi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan “Universal Mobile Systems” MCHJning ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi (keyingi o‘rinlarda – UMS, Aktiv)ni xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini jalb qilish yuzasidan xalqaro tanlov eʼlon qilingan. Mazkur xalqaro tanlovda 10 ta mahalliy va xalqaro professional konsalting kompaniyalari ishtirok etdi.
Ushbu professional kompaniyalar, telekommunikatsiya sohasida M&A loyihalaridagi tajribasi, malakasi, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yondashuvlari va narx taklifi asosida saralandi.
Xalqaro tanlov natijalariga ko‘ra, faoliyat sohasidagi amalga oshirgan yuqori darajadagi M&A loyihalari, loyiha doirasida jalb qilinadigan professional komandasining malakasi hamda eng maqbul narx taklifini bildirgan KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi tanlov g‘olibi, deb topildi.
Davaktiv agentligi KPMG xalqaro kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikda mazkur loyihani raqobat tamoyillariga asoslangan shaffof va muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi, jumladan telekommunikatsiya bozori tahlili (Market analysis) o‘tkaziladi, birlamchi bozor holati (Market sounding) o‘rganiladi, Aktiv bo‘yicha har tomonlama moliya, soliq, yuridik, texnik kompleks tahlil (due diligence) qilinadi hamda investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Aktivni baholash jarayoniga uning nufuzi va xalqaro tan olinishi nuqtai nazaridan “Katta to‘rtlik”ka kiruvchi (Big 4, KPMGdan tashqari) xalqaro professional mustaqil baholovchi kompaniyasi tanlov asosida jalb etiladi.
Konsultantning Aktivni dastlabki o‘rganish natijalari va jarayonni tashkil etish bo‘yicha takliflari asosida qisqa muddatlarda Aktivni sotib olishga arizalarni qabul qilish jarayoni va muddatlari eʼlon qilinadi.
“Universal Mobile Systems” MCHJ mahalliy telekommunikatsiya bozorida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan nufuzli kompaniya bo‘lib, “Mobiuz” savdo belgisi ostida zamonaviy mobil ovozli aloqa va mobil Internetga ulanish xizmatlarini taqdim etadi.






