Ustav kapitali 500 mln dollarlik O‘zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapurga davlat tashrifi doirasida “Istana” qarorgohida Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokara o‘tkazdi. Yetakchilar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqdilar, ustuvor yo‘nalishlardagi aloqalar jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini ta’kidladilar. Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchisi – inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash.
Ikkinchi yo‘nalish – Singapurni O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilishga qaratilgan.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish – sifatida ilg‘or “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish belgilandi.
To‘rtinchisi – shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish.
Hamkorlikning beshinchi yo‘nalishi – doirasida investitsiyalar va o‘zaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Ochiq va do‘stona muhitda o‘tgan uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Li Syan Lunni o‘ziga qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi.

Delegatsiyalar rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston-Singapur hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat almashildi. Xususan, ta’lim, transport, sog‘liqni saqlash, kadrlar, shu jumladan davlat xizmatchilarini tayyorlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy sheriklik hamda ikki mamlakat prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.