Uzbekistan Airways ilk A321neo havo kemasiga ega bo‘ldi

Uzbekistan Airways kompaniyasi uzoq masofaga uchuvchi Airbus A321neo (LR) havo kemasini qabul qilib oldi. 188 yo‘lovchiga mo‘ljallangan samolyot LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan. Yil yakuniga qadar shu turdagi yana to‘rtta samolyot yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Uzbekistan Airways matbuot xizmatining xabariga ko’ra, 14-fevral kuni O‘zbekistonga Germaniyaning Gamburg shahridan birinchi Airbus A321neo (LR) havo kemasi olib kelindi. Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda Airbusning uzoq masofaga mo‘ljallangan samolayotining ilk operatori bo‘ldi.

UK32101 ro‘yxatga olish raqamini olgan samolyot 188 yo‘lovchiga (biznes-klassdagi 16 o‘rin, ekonom klassida 172 o‘rin) mo‘ljallangan va CFM International LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan. Aviakompaniya A321LR dan mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha foydalanishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya jami 5 ta Airbus samolyotlariga buyurtma bergan: yana to‘rtta avialayner 2022-yilning oxirigacha yetkazib beriladi.

A321LR — bu katta hajmli yoqilg‘ini saqlashga mo‘ljallangan uchta qo‘shimcha markaziy bak (ACT) tufayli 7400 kmgacha bo‘lgan masofaga uchish imkonini beradigan kengaytirilgan diapazonga ega A320neoning versiyasi.