«Uzbekistan» turistik brendini Yevropaga olib chiqish rejalari

Bosh vazir oʼrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Аziz Аbduhakimov Germaniya turistik assotsiyasiyasi (DTV – Deutscher Tourismusverband) prezidenti Norbert Fiebig boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarini qabul qildi.
Uchrashuvda Oʼzbekistonning turistik salohiyatini Yevropada keng targʼib qilish va yevropalik sayyohlar oqimini koʼpaytirish maqsadida “Destination Forum” (“DTV”ga aʼzo eng yirik va salohiyatli turistik tashkilotlarning turistik forumi) loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, Oʼzbekistonning turizm salohiyatini katta tajribaga ega boʼlgan “DTV” assotsiatsiyasining marketing resurslaridan foydalangan holda keng targʼib qilish, Oʼzbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri ekanligini dunyoga koʼrsatish, Germaniyadan Samarqand shahriga toʼgʼridan-toʼgʼri charter reyslarni yoʼlga qoʼyish, birgalikda “Uzbekistan” turistik brendini Yevropaga olib chiqish, yurtimizga DTV tarkibiga kiruvchi eng yirik va eng salohiyatli turistik tashkilotlar hamda turistik operatorlar tashrifini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv yakunida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda DTV oʼrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan barcha masalalarni amalga oshirish maqsadida oʼzaro media reja loyihasi ishlab chiqish, shuningdek, 2023-yilning aprel oyida “Destination Forum” loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.






