O‘zbekiston TIV rahbari AQSh Elchisini qabul qildi

Bugun, 4-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xenikni qabul qildi.
So‘nggi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh hamkorligi siyosat va xavfsizlik, savdo-iqtisodiyot, insonparvarlik, madaniy-gumanitar sohalarda faol rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida ham qizg‘in muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Tomonlar 2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni har tomonlama amalga oshirishga tayyorligi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ikki tomonlama darajada va “C5+1” muloqoti doirasida rejalashtirilgan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.






