O‘zbekistonning 5 hududida «Tax Free» tizimi joriy etildi

2023-yilning 1-yanvaridan e’tiboran Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona va Urganch aeroportlarida Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Tax Free” xizmati shoxobchalari ish boshladi.

Qayd etish joizki, QQS toʻlovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtish va u orqali xaridlar uchun olingan cheklarni skanerlash lozim. Aeroportdan joʻnab ketayotganda yoʻlovchi reysga roʻyxatdan oʻtishi, soʻngra “Tax Free” xizmatiga borib, bortga chiqish taloni va tovarning oʻzini koʻrsatishi kerak. Roʻyxatdan oʻtgan tovarlarni qoʻl yukida tashish uchun qoldirish yoki roʻyxatdan oʻtish joyiga qaytib, bagaj sifatida roʻyxatdan oʻtkazish mumkin.

“Tax Free” xizmatidan foydalanish uchun sotib olingan tovarlarning umumiy summasi 1 million soʻmdan yuqori boʻlishi lozim. Bundan tashqari, mahsulot ochilmagan va ishlatilmagan boʻlishi kerak. Soliq qoʻmitasi xodimlari tovarlarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshirgandan soʻng, keshbekni rasmiylashtiradilar. Turli toifadagi tovarlar uchun yoʻlovchi QQS summasining 90 foizigacha keshbek olishi mumkin. Keshbek yoʻlovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va roʻyxatdan oʻtgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin toʻlab beriladi.

“Tax Free” tizimini joriy qilishdan maqsad yurtimizga turistlarni koʻproq jalb etish va mamlakatimizning turistik salohiyatini yanada yuksaltirishdan iborat.