Vashingtonda Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining xalqaro tuzilmani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tashabbusi bilan Kaspiy siyosati markazida (Caspian Policy Center) Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sakkizinchi sammitining asosiy natijalari hamda mazkur tuzilmani Turkiy davlatlar tashkilotiga aylantirilganining ahamiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Ozarbayjonning AQSHda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari brifingda asosiy maʼruzachilar bo‘ldi. Rasmiy shaxslar, axborot-tahlil markazlari, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ishbilarmon doiralar, hamda diplomatik korpusi vakillari ishtirok etgan tadbirda SRS katta ilmiy xodimi, AQSH Davlat kotibi yordamchisining sobiq birinchi o‘rinbosari Richard Xougland moderatorlik qildi.

Brifingda Prezident Shavkat Mirziyoyev sammit doirasida ilgari surgan taklif va tashabbuslarning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berildi. Ishtirokchilar Turkiy davlatlar savdo hamkorligi bo‘yicha tadqiqot markazini tashkil etish va transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish tashabbusini yuqori baholadi.

Diplomatiya missiyalari rahbarlari, shuningdek, mintaqa ichida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va savdo-sotiqni rag‘batlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida fikr almashdi. O‘zaro tajriba almashish va innovatsiyalar tranferi, jumladan, “aqlli” shaharlarni yaratish, uglerod betarafligiga erishish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish muhimligi taʼkidlandi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, madaniy meros obyektlarini saqlash va tiklash sohasidagi qo‘shma loyihalarning targ‘ib qilinishi muhim ekanligi alohida qayd etildi.