Vazirlar Mahkamasining tarkibida yangi bo'linma tashkil etildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirning o'rinbosari S. Umurzoqov boshchiligida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, viloyatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya shaklida yigʻilish bo'lib o'tdi, deb yozadi O'zbekiston Respublikasi Invistitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Videokonferensiya davomida Vazirlar Mahkamasi tarkibida yangi bo'linma - Mahalliy sanoatni rivojlantirish va kooperatsiya aloqalari masalalari kotibiyati tashkil etilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, mamlakatdagi investitsiya faoliyati natijalari o'rganildi. Xususan, shu yilning 5 oyi yakunlari bo‘yicha jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 4,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Joriy yilda barcha hududiy investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun 93 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning natijasida 9 771 loyiha amalga oshiriladi va 209 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, shu yilning yanvar – may oylarida 3 620 ta ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilib, 43,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilganligi qayd etildi.

Shuni ta'kidlash kerakki, bunga o'xshash videokonferensiyalar ma'lum vaqt davomida mamlakat iqtisodiy o'sishini tahlil qilishga va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keyingi rejalarni belgilashga yordam beradi.