Vazirlik va idoralar rahbarlari oʼrinbosarlari soni 207 tadan 144 nafargacha qisqartirilmoqda

Prezident davlat tashkilotlarida shtat birliklarini qisqartirish boʼyicha hujjatni imzoladi. Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 25-yanvardagi farmoni bilan vazirlik va idoralarda budjet va nobudjet mablagʼlaridan moliyalashtiriladigan jami 17 447 ta boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklari qisqartirilmoqda (umumiy songa nisbatan 24 foiz).
Shu jumladan, vazirlik va idoralar rahbarlari oʼrinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha (-63) yoki 30 foizga qisqartirilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar natijasida:
— shtatlar sonini qisqartirish hisobiga 1,5 trillion soʼm;
— avtotransport vositalari sonini qisqartirish hisobiga (shu jumladan, yoqilgʼi-moylash, shinalarni almashtirish xarajatlari) 70 milliard soʼm budjet mablagʼlari iqtisod qilinmoqda.
Vazirlik va idoralarda xodimlarning umumiy cheklangan soni 56 573 nafar etib belgilanmoqda.
Vazirlik va idoralarning nobudjet mablagʼlaridan qoʼshimcha boshqaruv shtatlarni kiritish qatʼiy taqiqlanmoqda.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning yagona roʼyxati tasdiqlanmoqda.
Farmon bilan hukumatga boʼysunadigan mustaqil vazirlik va idoralar soni jami 26 ta etib belgilanmoqda (ular tarkibiga kirgan barcha qoʼmitalar, agentliklar va inspektsiyalar bilan birga jami 69 ta), shu jumladan:
— vazirliklar – 21 ta;
— qoʼmitalar – 12 ta, shundan 2 tasi mustaqil maqomga ega;
— agentliklar – 25 ta, shundan 3 tasi mustaqil maqomga ega;
— inspektsiyalar – 11 ta.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning oʼzbek va rus tillaridagi qisqartma nomlari tasdiqlanib, ularni yigʼilish va videoselektor bayonlari, xizmat yozishmalari, tahliliy materiallarda koʼrsatish mumkin boʼladi.






