Vengriya, Qirgʼiziston hamda Tojikiston: investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik

Joriy yilning 28-aprel kuni videokonferensiya tarzida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida Oʼzbekistonning Vengriya, Qirgʼiziston va Tojikiston bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorligi masalalariga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi.
Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari, Oʼzbekistonning Vengriya, Qirgʼiziston va Tojikistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, yuqoridagi mamlakatlardagi tadbirkorlar bilan bevosita hamkorlik qilayotgan ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
2021-yilda Vengriya, Qirgʼiz Respublikasi va Tojikiston Respublikasi bilan oʼtkazilgan yuqori darajadagi tadbirlar yuksak amaliy ahamiyat va samaradorlikka ega boʼlib, ular yakunida tegishli “Yoʼl xaritalari” qabul qilingani taʼkidlandi.
Xususan, ushbu davlatlar bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnomalarni inventarizatsiya qilish, muammoli masalalar ustida ish olib borish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan qoʼshimcha muzokaralar tashkil etish, shuningdek tasdiqlangan investitsiyaviy loyihalarning oʼz vaqtida bajarilishini taʼminlash va ularning tashabbuskorlariga amaliy yordam koʼrsatish vazifasi qoʼyildi.






