Vengriyaning OTP Banki rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Vengriyaning “OTP Bank”i raisi Shandor Chani bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
“Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish boʼyicha oldin imzolangan bitimning amalga oshirilishini nazarda tutgan holda, Bankning Oʼzbekistondagi investitsiviy faoliyati bilan bogʼliq masalalar muhokama qilindi. Ushbu kelishuvning amalga oshirilishi mamlakatimiz bank sektoriga toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi va ushbu sohani rivojlantirish va transformatsiya qilishga qoʼshimcha turtki boʼladi.
Muloqot chogʼida shartnomaning amaliy jihatlari va shartlari atroflicha koʼrib chiqildi, kun tartibidagi masalalar oʼrganildi, har ikki tomon manfaatlariga javob beradigan oʼzaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi. Vengriyalik investor tomonidan “Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish jarayonini ilgari surish boʼyicha keyingi qadamlar kelishib olindi. Shuningdek, ilgʼor xalqaro bank amaliyoti va standartlari asosida bankni yanada rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Sh.Chani Oʼzbekistonda sportni rivojlantirishda, xususan, ixtisoslashgan sport akademiyalarini tashkil etishga sarmoya kiritish orqali ishtirok etishga qiziqish bildirdi.






