Vladimir Norov AQShda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali vatandoshlarimiz bilan uchrashdi

BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etish maqsadida AQShga tashrif buyurgan O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qo’shma Shtatlarning yetakchi banklari, fondlari, IT-kompaniyalari, nufuzli oliy o'quv yurtlari va tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muloqotda "Oppenheimer" bankining boshqaruvchi direktori Farhod Inogambayev, "Missed.com" va "Jafton.com" IT-kompaniyalar asoschisi Bobir Akilxanov, "New York Life Insurance" sug'urta kompaniyasi xodimi Dilshod Rahmonov, "Ernst & Young" kompaniyasi maslahatchisi Kamol Mavlonov, "44 Oak Capital" developerlik kompaniyasi asoschisi Farhod Muradov, "Rx2go" logistika kompaniyasi muassisi Erkin Sattarov, Sirakuza universiteti doktoranti Mirjaxon Turdiyev, “Garvard universiteti” doktoranti, "Dana Farber" saratonni davolash instituti xodimi Nilufar Qahhorova, "Amazon" kompaniyasining biznes-tahlil bo’yicha muhandisi Shahlo Xojayeva, "Betaworks Ventures" jamg'armasi investori Zafar Mirzaliyev, shuningdek, "Poetica Coffee" kofe tarmog'ining ta’sischisi Parviz Muhamadqulov ishtirok etdilar.

Uchrashuv doirasida ishtirokchilar e’tiboriga O’zbekiston hukumatining xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha asosiy ustuvor yo'nalishlar, ular uchun O'zbekistonda investitsiya, ta'lim, ijtimoiy-gumanitar va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqidagi ma’lumotlar havola etildi.

Diasporamiz a'zolari O'zbekiston emitentlariga, shu jumladan banklar va xususiy kompaniyalarga texnik yordam ko'rsatishni davom ettirishga, hamda, Vashingtondagi institutsional investorlar bilan O'zbekiston moliya sektori vakillari uchun uchrashuvlar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, O'zbekiston Prezidentining Farmoni bilan "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlangan "Amazon" kompaniyasining biznes-tahlil bo’yicha muhandisi Shahlo Xojayevaga ushbu yuksak mukofotni topshirish marosimi bo’lib o’tdi.