Walt Disney kompaniyasi Rossiyada faoliyatini to'xtatdi

The Walt Disney kompaniyasi Rossiyadagi barcha turdagi biznes faoliyatini to'xtatdi. Pixar, Marvel Studios, Lucasfilm, 20th Century Studiosga egalik qiluvchi Walt Disney kompaniyasi Ukrainadagi "harbiy operatsiya" munosabati bilan Rossiyadagi barcha faoliyatini, jumladan kontentni ishlab chiqarish va litsenziyalashni to'xtatmoqda. Bu haqda Disney vakillari rasmiy saytida ma'lum qilishdi.
1-mart kuni kompaniya o‘z filmlarini mamlakatga yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatdi. Endi Disney vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada “biznes faoliyatining boshqa barcha turlari” – kontent va mahsulotlarni litsenziyalash, Disney Cruise Line, National Geographic jurnali va shu nomdagi telekanal faoliyati to‘xtatiladi.
Avvalroq, Sony Music Group va Warner Music Group ham Rossiyadagi biznes faoliyatini to‘xtatgan edi. Shuningdek, Discovery Inc o'z kanallari va onlayn xizmatlarini translyatsiya qilishni vaqtincha to'xtatdi. Butun mamlakat boʻylab jami 15 ta Discovery Inc telekanali, jumladan Animal Planet, TLC va Eurosport translyatsiya qilingan.






