Vikipediada oʻzbek milliy kontentini rivojlantirish uchun 10 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan o'tkazilgan tadbirda internetda oʻzbek milliy kontentini rivojlantirish uchun 10 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishini aytdi.

“Dunyoning eng ommabop elektron ensiklopediyasi – Vikipediada hozir Oʻzbekiston haqida 10 mingtadan ortiq maqolalar joylanganini eshitib xursand boʻldim. Ana shu tajriba asosida, internet tarmogʻida oʻzbek milliy kontentini rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi. Bunda, davlatchiligimiz tarixini matnli va video kontentlar orqali targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratish kerak”, - dedi Prezident.

Ta'kidlanishicha, 100 nafar o'zbek alloma va mutafakkirlarning internetdagi ma’lumotlar bazasi yaratish, ularning asarlarini ommalashtirish choralari ham ko'riladi.

“Vikipediada oʻzbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish yaxshi samara berishi shubhasiz. Ushbu maqsadlar uchun 10 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bunday tadbirlarga, bilimli va shijoatli volontyor yoshlarni jalb qilish hamda ularning faoliyatini tizimli ravishda ragʻbatlantirib borish lozim”, — dedi davlat rahbari.