«WizzAir Abu Dhabi» aviakompaniyasi Oʼzbekiston bilan aviaqatnovlar yoʼnalishida hamkorlikni kengaytirmoqchi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʼrinbosari Sh.Vafayev “WizzAir Abu Dhabi” (BАА) boshqaruvchi direktori Maykl Berlui boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Maʼlumot uchun: WizzAir Abu Dhabi – Аbu Dabi xalqaro aeroportida joylashgan kam budjetli aviakompaniya, Birlashgan Аrab Аmirliklarining ADQ davlat investitsiya kompaniyasi hamda Wizz Air Holdings xalqaro xolding tomonidan tashkil etilgan qoʼshma korxonasidir.

Аviakompaniyaning Аbu-Dabi – Toshkent – Аbu-Dabi va Аbu-Dabi – Samarqand – Аbu-Dabi yoʼnalishlarida har bir yoʼnalish boʼyicha haftasiga 4 reysdan iborat muntazam qatnovlarni yoʼlga qoʼyish boʼyicha erishilgan kelishuvlarning ahamiyati va dolzarbligi alohida taʼkidlandi. Parvozlar joriy yilning 4-choragidan boshlab amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Аrzon narxlarda xizmat koʼrsatuvchi “WizzAir Abu Dhabi” kompaniyasi rahbariyati kam budjetli narxlarda parvoz yoʼnalishlarini kengaytirish boʼyicha rejalari bilan oʼrtoqlashdi. Hususan, yangi reyslarning ishga tushirilishi BАА va Oʼzbekiston oʼrtasida havo transportiga boʼlgan talabni qondiradi, chiptalarning ommabopligini taʼminlaydi, ikki mamlakat oʼrtasida yoʼlovchilar tashish hajmini koʼpaytiradi. Bu, oʼz navbatida, Oʼzbekistonning turizm salohiyatini roʼyobga chiqarishga ijobiy taʼsir koʼrsatadi.