Xadijat Qodirova Checheniston Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun medali bilan taqdirlandi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qizi, Grozniy shahri maktabgacha ta’lim departamenti boshlig‘i Xadijat Qodirova “Checheniston Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda Checheniston rahbari administratsiyasi va hukumat vakili Galas Taymasxanov Instagram’da ma’lum qildi, deb yozmoqda Meduza.

21 yoshli Xadijat Qodirova 2020-yil dekabr oyida Grozniy maktabgacha ta’lim departamenti boshlig‘i etib tayinlangan. Bunga qadar u Grozniydagi “Skazochniy zamok” (“Sehrli qasr”) nomli bolalar bog‘chasida mudira lavozimida ishlagan.
Ramzan Qodirovning qarindoshlari Chechenistonda boshqa rahbarlik lavozimlarida ham faoliyat olib borishadi. Xususan, uning yana bir qizi Ayshat — respublika madaniyat vaziri, boshqa bir qarindoshi, jiyani Xas-Magomed Qodirov esa Grozniy shahrining meri.

Taymasxanovning so‘zlariga ko‘ra, Xadijat Qodirova lavozimga kirishganidan keyin shahardagi maktabgacha ta’lim tizimida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan.

2018-yilda “BBC’ning rus xizmati” Chechenistondagi 158 nafar katta lavozimdagi amaldorlarning 30 foizi respublika rahbariga qarindosh ekanligi, 23 foizi Qodirovning qishloqdoshi, 12 foizi esa uning do‘stlari va ularning qarindoshlari ekanligi haqidagi surishtiruvni e’lon qilgandi.