Xalq murojaatlari Senat diqqat markazida

Senatning o‘ttiz oltinchi yalpi majlisida senatorlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratdilar.

Ta’kidlanganidek, Murojaatnoma o‘z mohiyati va ruhiyatiga ko‘ra mamlakat fuqarolari, ularning manfaati va bevosita aholining yashash sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan dasturiy hujjatdir. Unda ko‘tarilgan har bir masala parlament faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, barcha sohalarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlarning joylarda ijrosini ta’minlash bo‘yicha parlament tomonidan samarali nazorat o‘rnatish, ularning to‘liq bajarilishini monitoring qilish Senatning asosiy vazifalaridandir.

Jumladan, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish va uning faoliyati natijadorligini ta’minlash vazifalaridan kelib chiqib, Senat qo‘mitalari o‘z faoliyati yo‘nalishida hamkorlik qiluvchi tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro aloqa va ishlash uslublarini qaytadan ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Zero, parlament faoliyatining asosiy ish mazmuni hokimiyatlar o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish, manfaatlar muvozanatini saqlagan holda xalq manfaati yo‘lida hokimiyat bo‘g‘inlari o‘rtasidagi hamkorlikdan iborat.

Shuningdek, Murojaatnomada qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, Senat qonunlarning muhokamasini mahalliy Kengashlar darajasida ham faol o‘tkazishi, qonunlarning har bir hududning manfaatlariga mosligini baholab borishi lozimligi, qonunlarni ekspertlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish mexanizmlarini kengaytirish zarurligi alohida belgilandi.