Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi Inno Week davom etmoqda

«Innoweek.Uz-2021» — mavjud innovatsion texnologiyalar bilan tanishish, yangi biznes munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, potensial sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyatdir.
23 noyabr kuni Xalqaro innovatsion yarmarkaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu kunning o‘zida “Postpandemiya davri uchun innovatsiyalar va investitsiyalar forumi o‘z ishini boshladi. Ushbu forumda pandemiya davri mobaynida bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlar muhokama qilinib, tahlil qilindi.
Shu bilan birga, haftalik doirasida 23-26 noyabr kunlari oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan xo‘jalik boshqaruvi organlari, tarmoq tashkilotlari va hududlar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish Forumining ikkinchi (kuzgi) bosqichi o‘tkaziladi.
Forumda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan hamda tijoratlashtirishgacha tayyorlash maqsadida 44ta yangi loyiha natijalari, tijoratlashtirilayotgan innovatsion ishlanmalar hamda innovatsion hududlarda ishlab chiqarilayotgan 200 dan ortiq maxsulotlar va 2022 yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan innovatsion ishlanmalar ishtirok etadi. Mazkur loyihalar asosan qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika hamda energetika sohasidagi innovatsion ishlanmalarni tashkil etadi.






