Xalqaro konferensiya: O'zbekiston Turkiy Kengash doirasida

Turkiy Kengash kotibiyati Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va O'zbekiston tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda "O'zbekistonning turkiy kengashga a'zo mamlakatlar bilan hamkorligi" mavzusida xalqaro videokonferensiya o'tkazdi. 
Konferensiyada Turkiy Kengashning, TURKSOY hamda diplomatik missiyalarning 200dan ortiq vakillari, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar va kuzatuvchi davlatlarning, xususan, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkiya, O’zbekiston va Vengriya davlatlarining yetakchi tahliliy markazlari, universitetlari va ilmiy muassasalari hodimlari ishtirok etdilar. 

Tadbir davomida ishtirokchilar Turkiy Kengash doirasida ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollari hamda bu jarayonda O'zbekistonning o'rni haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar. 

Ekspertlar tomonidan a'zo davlatlarning iqtisodiyot, savdo, transport, infratuzilma, turizm va innovatsiyalar sohasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotganini ta'kidlab, Turkiy Kengashni jozibador va samarali xalqaro mintaqaviy tashkilot deya baholandi. 

Turkiy Kengash Bosh kotibi o'rinbosari Mirvohid Azimov tadbirda so'zga chiqib, a'zo davlatlar umumiy tarix, til, madaniyat va qadriyatlarga asoslangan mustahkam aloqalarga ega ekanini hamda ushbu aloqalar turli sohalarda pragmatik hamkorlikni rivojlantirish uchun kuchli asos bo'lib xizmat qilishini ta'kidladi. 

Tadbir natijalari bo’yicha ishtirokchilar kelgusi o'n yillik ichida turkiy dunyo siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada yaxlit hamda transport va kommunikatsiyalar sohasida o'zaro bog'liq, shuningdek, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini targ’ib qilinishi va ommalashishiga umid bildirishdi.