Xalqaro konferentsiya doirasida O'zbekiston Prezidenti bir qator uchrashuvlar o'tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Rossiya tashqi ishlar vaziri, Hindiston tashqi ishlar vaziri, Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri hamda Turkmaniston tashqi ishlar vazirini qabul qildi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo inson kapitali va demokratik yangilanishlarni yanada kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda bo‘lajak oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik ko‘rish, qo‘shma dastur va loyihalarni, eng avvalo savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar sohalarda ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlikka erishish va ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan mintaqaviy loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholadi.

Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va o‘zaro manfaatli hamkorlik dasturlarini ilgari surish haqida so‘z yuritildi.

Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan joriy yilning 6-avgust kuni “Avaza” milliy turizm zonasida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning borishi muhokama qilindi.

Ta'kidlash joizki, xalqaro konferentsiyada Prezidentimiz barcha mehmonlar bilan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish masalalarini muhokama qildi.