Xalqaro ko'rgazmalarga start berildi

23-25 noyabr kunlari mamlakatning asosiy ko'rgazma maydonchasi - "O'zekspomarkaz"da qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati va qadoqlash texnologiyalari yo'nalishlarida xalqaro ko'rgazmalar o'tkazilmoqda. Tadbir tashkilotchisi "International Expo Group" ko'rgazma kompaniyasidir.
O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 28 foizdan ortig‘ini, bandlikning qariyb 28 foizini ta’minlaydi va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar - aholi uchun oziq-ovqat va sanoat uchun xom ashyo ishlab chiqaradi. Respublikaning ko‘plab tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari, iqtisodiy va moliyaviy holati bevosita qishloq xo‘jaligiga bog‘liq. So‘nggi yillarda respublikada mamlakat qishloq xo‘jaligini isloh qilish yo‘nalishida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019 yilda asosiy strategik ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan "2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi" tasdiqlandi.
Mamlakat qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish rejalarini hisobga olgan holda, UzAgroExpo, UzProdExpo va InterPackExpo kabi ko‘rgazmalarni o‘tkazish sohani rivojlantirish uchun juda muhim ahamiyatga ega.
2022 yilgi qo‘shma ko‘rgazma ishtirokchilari qatoriga dunyoning 20 mamlakatidan 160 dan ortiq kompaniya kiradi. Ishtirokchi mamlakatlar: O‘zbekiston, Belarus, Belgiya, Bolgariya, Xitoy, Chexiya, Daniya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya, Polsha, Koreya Respublikasi, Rossiya, Turkmaniston, Turkiya, Yaponiya.






