Xalqaro maydonda turistlar navbatiga sabab bo’layotgan o’zbek milliy taomlari

Bright Uzbekistan xalqaro axborot portali a’zolari “EXPO 2020 DUBAI” xalqaro ko’rgazmasi doirasida tashkil etilgan “O’zbekiston milliy taomlar haftaligi”da ishtirok etib “TOP BUSINESS” jurnalining maxsus sonini keng ommaga taqdim etdilar.

Ayni damda, BAAning Dubay shahrida bo'lib o'tayotgan "EXPO 2020 DUBAI” xalqaro ko'rgazmasining O'zbekiston pavilionida “O’zbekiston milliy taomlar haftaligi" bo'lib o'tmoqda.

Ushbu tadbirda 192 nafar davlatdan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari, ko’plab tadbirkorlar va turistlar o’zbek milliy taomlarining turlari, tayyorlanish usullari va lazzatli ta’midan baxramand bo’ldilar.

Ko’rgazmada milliy nonlarimiz, somsa va dunyoga mashhur bo’lgan palovning bir qancha turlari jumladan samarqandcha, toshkentcha palov va to’y oshlari tayyorlandi. Shuningdek, milliy taomlarimiz orasida barcha uchun sevimli bo’lgan kabob ham ko’rgazma mehmonlariga taqdim etildi.

Haftalik uchun maxsus tayyorlangan o’zbek milliy taomlari ko’rgazmaga tashrif buyurgan turistlar va mahalliy aholining katta qiziqishlari va uzundan uzun navbatlariga sabab bo’ldi.